Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida avariya yuz berdi, kamida besh kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda Kloop.
Voqea joyiga shahar hokimi Aybek Junushaliyev yetib bordi. Uning buyrug‘iga ko‘ra, issiqlik markazidagi avariya sababli shahardagi barcha maktab va bolalar bog‘chalari masofaviy rejimga o‘tadi.
“24.kg” xabariga ko‘ra, stansiyadagi qozonlardan biri portlagan. Portlashga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Shaharning janubiy qismidagi 60 ming xonadonda isitish tizimi ishlamayapti.
Portlash oqibatida besh nafar ishchi jarohatlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki bemorda kuyish shoki o‘ta og‘ir, uchinchisida o‘rtacha kuyish shoki borligi haqida xabar berdi. Jabrlanganlarning yuz, bo‘yin, tana va yuqori nafas yo‘llarida I, II va III darajali kuyish jarohatlari olgan. Ikki kishi reanimatsiyada, yana biri kuyganlar bo‘limida.
Qirg‘iziston Energetika vazirligining xabar berishicha, portlash taxminan ertalab soat 3 da sodir bo‘lgan.