“O‘zgidromet” 2024-yil yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirganini ma’lum qildi.
![](/static/2024/02/02/ob-O6-jjDBP.jpg)
Xabar berilishicha, 2024-yilning yanvar oyi juda iliq bo‘ldi. Iqlim me’yoridan yuqori bo‘lgan harorat deyarli oy davomida saqlanib turdi. Faqat qisqa muddatga havoning keskin sovuq bo‘lishi ikki marta (oyning o‘rtasida va oxirgi besh kunligida) kuzatildi, bunda havo harorati me’yor atrofida yoki undan biroz past qiymatlargacha pasaydi.
O‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yordan 3-4 darajaga, shimolda 1-2 darajaga yuqori bo‘ldi. Hududning katta qismida (respublikaning shimolidan tashqari) 2024-yil yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi.
Eng iliq yanvar oylari reytingida yuqori o‘ringa ega bo‘lishiga qaramay, bu oyda ekstremal yuqori haroratlar qayd etilmadi. Eng iliq kunlarda havo 15-18 daraja iliqqacha, janubda 19-22 daraja iliqqacha, shimolda 10-12 daraja iliqqacha isidi. Yanvar oyidagi eng yuqori harorat 20-25 daraja iliqqacha, janubda 24-27 daraja iliqqacha, shimolda 13-16 daraja iliqqacha bo‘lgan qiymatlari 2002, 2007 va 2021-yillarda kuzatildi.
Qayd etilishicha, 2024-yil yanvar oyini 2023-yil yanvar oyi bilan taqqoslash juda qiziqarli bo‘ldi. 2023-yil yanvar oyida oyning ikkinchi o‘n kunligida sovuq arktika havosining kirib kelishi hisobiga havo harorati kechalari 17-22 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlarida ba’zi joylarda 25-29 daraja sovuqqacha pasaydi.
Joriy yilning o‘tgan yanvar oyida hududning katta qismida, hatto eng sovuq kechalarda ham, harorat faqat 2-4 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 5-6 daraja sovuqqacha (me’yorga yaqin yoki undan biroz past) pasaydi. Faqat respublikaning shimoliy hududlarida qisqa muddatli sovuqlarning eng yuqori cho‘qqisida havo harorati kechalari me’yordan 5-8 darajaga past bo‘lib, 11-16 daraja sovuqni tashkil etdi.