Buxoro viloyatida isteʼmolga yaroqsiz un mahsulotini savdoga chiqarilishining oldi olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “K.B.” MCHJ rahbari J.N. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, “M.” savdo belgisidan noqonuniy foydalanib, isteʼmolga yaroqsiz un mahsuloti savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlanib, MCHJ savdo do‘konidan 164 qop isteʼmolga yaroqsiz un mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Qashqadaryoda iste’molga yaroqsiz alkogol va yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sexlar aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)