Yekaterinburg shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari 7-yanvar kuni qurilish obyektlaridan birida reyd o‘tkazib, ishchilarni o‘rdaksimon yurishga majburlagandi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi muhojirlarni o‘tirib yurishga majburlagan xavfsizlik xodimlarini tekshirishni talab qildi.
Migrantlarga tegishli buyruqni prokuratura, Federal xavsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasi xodimlari bergan. 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tadbir davomida xavfsizlik kuchlari 150 kishining hujjatini tekshirgan. Ulardan 8 nafari immigratsiya qonunchiligini buzgani aniqlanib, deportatsiya qilinishi kerakligi ta’kidlangan, 4 nafariga esa harbiy ro‘yxatga olish uchun chaqiruv qog‘ozi berilgan.
Qurilish maydonchasida ishlayotganlar orasida Qirg‘izistonning 40 ga yaqin fuqarosi bo‘lgan, ulardan uch nafari o‘rdaksimon yurishga majburlanganlar qatorida suratda ko‘rinish bergan.
Respublika Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan alohida bayonot bergan. Unda Bosh konsullik Rossiya nazorat organi tomonidan “huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning qadr-qimmatini kamsituvchi bunday usullardan foydalanishning qonuniyligi”ni tekshirishni tashkil etish choralarini ko‘rayotgani ta’kidlanadi.
TIV bayonotida qayd etilishicha, videoga tushib qolgan Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zlari huquq-tartibot idoralari harakatlari ustidan shikoyat yozishdan bosh tortgan.
Ichki ishlar vazirligining Sverdlovsk viloyati Bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Valeriy Gorelix qurilish obyektlarida o‘tkazilgan reydni tasdiqlab, “bu yil ham bunday ishlar viloyatning barcha munitsipalitetlarida davom etishini” ta’kidlagan.
Izoh (0)