Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil zavodining ishga tushirilishi kechiktirildi. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyevga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Unga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari korxonani ishga tushirishga kelishib olgan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va chora-tadbirlar rejasi imzolangan.
“Yo‘l xaritasiga ko‘ra, ushbu korxonani joriy yil boshida ishga tushirishni rejalashtirgan edik. Ammo ob-havo sharoiti tufayli bu sana 2024-yilning birinchi yarmiga qoldirildi. Ammo u yerdagi ish shu bilan tugamaydi. O‘ylaymanki, So‘quluk tumani aholisi qurilish jadal sur’atlarda kechayotganini ko‘rmoqda. O‘ylaymanki, birinchi yarim yil oxiriga qadar biz allaqachon ilk mahsulotlarni taqdim etamiz”, — dedi Doniyor Amangeldiyev.
- 2023-yil mart oyida “O‘zAvtoSanoat” AJ, “DT texnika” MChJ va “Nur” AJ o‘rtasida Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan. Ular korxonani Chuy viloyatining So‘quluk tumanida joylashtirishga qaror qilgan. Zavodda Chevrolet, Daewoo va Isuzu avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Izoh (0)