Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yo‘li bilan qabul qilinadi. Bu haqda “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.
Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini boshqichma-bosqich tashkil etish uchun 2024—2026-yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonchalarida chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi.
2024-yil 1-iyulga qadar mazkur hududlarda xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalariga ajratgan holda to‘plashi uchun quyidagi turdagi maxsus (QR-kod — matritsali shtrix kodli) chiqindi paketlari bilan fuqarolar bepul ta’minlanadi:
- qayta ishlanadigan maishiy chiqindilar uchun — shaffof, rangsiz;
- qayta ishlanmaydigan maishiy chiqindilar uchun — qora rang;
- oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang.
Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi.
Ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig‘ish maydonlarida sotib olish yo‘li bilan qabul qilinadigan “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari:
- plastik chiqindilarning barcha turlari;
- qog‘oz chiqindilar, makulatura;
- qora va rangli metall chiqindilari va lommlari;
- ishlatilgan shisha mahsulotlari va chiqindilari;
- to‘qimachilik materiallari chiqindilari;
- rezina va rezinatexnika mahsulotlari chiqindilari.
Ushbu bandda nazarda tutilgan loyihaning amalga oshirilishi vazirlikning hududiy bo‘linmalari va hokimliklar tomonidan nazorat qilinadi hamda chiqindi yig‘ish maydonlarini paketlar bilan ta’minlash uchun Ekologiya jamg‘armasidan bosqichma-bosqich 30 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ ajratiladi.
Izoh (0)