Respublikada joriy yilning 1-dekabr kunidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshirilib, oyiga 1 mln 50 ming so‘m etib belgilandi. Bu o‘zgarish safarbarlik chaqiruv rezervining (1 oylik harbiy xizmat) to‘lov badali miqdoriga ham taʼsir qiladi.
Safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lov badali bevosita mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 barobariga teng. Yaʼni 1-dekabrdan bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov miqdori 6 mln 860 ming so‘mdan 7 mln 350 ming so‘mga oshirildi.
Hukumat qaroriga muvofiq, safarbarlik chaqiruv rezervi safiga olingan shaxslar tomonidan pul badallari xizmatga olingandan keyin tomonlarning kelishuvi asosida, 1-yil mobaynida biryo‘la yoki bosqichma-bosqich (bo‘lib to‘lash orqali) amalga oshirilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan shaxslar tomonidan to‘langan pul badallari summasi Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisobraqamida jamlanadi. Mablag‘lar muddatli harbiy xizmatchilarga nafaqa pulini to‘lash, vazirlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari taʼminotiga yo‘naltiriladi.
Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadi. Ular safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash davrida oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga jalb etilishi, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekistonga qarshi harbiy tajovuz ro‘y bergan taqdirda haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.
Izoh (0)