“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 2023-yilning shu davriga qadar o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr tarmoq xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 ming 57 ta obyekt aniqlandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, ushbu muhofaza maydonlari hududida qurilgan obyektlar eng avvalo insonlar uchun xavfli bo‘lib, bunday qurilishlar tegishli maxsus ruxsatnomalar orqali amalga oshiriladi.
Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida 8 ming 357 ta, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida esa 700 ta obyekt aniqlanib, belgilangan talablar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, aniqlangan 7 ming 636 ta obyekt bo‘yicha mahalliy hokimliklar va sudlarga hujjatlar taqdim etilgan bo‘lib, ushbu noqonuniy qurilishlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan ish olib borilmoqda. Ayni vaqtgacha 91 ta obyekt xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.
Ma’lumot uchun, muhofaza zonasi – elektr uzatish tarmog‘i bo‘ylab chetki simlaridan har ikkala tomonga vertikal tekislik bilan chegaralangan yer maydoni va havo bo‘shlig‘idan iborat maydon. Mazkur hududda uy, bino, issiqxona va hokazolar qurish, har qanday qurilish ishlarini olib borish qatʼiyan taqiqlanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan buyon huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 26 ta noqonuniy mayning ferma fosh qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)