Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 6-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Yorqinoy Mamatisaqova o‘z maoshidan rahbarligi ostidagi sinfning eng a’lochi o‘quvchilari uchun “Ustoz stipendiyasi”ni joriy qilgani haqida xabar qilingandi. “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov o‘ttiz yildan buyon maktabda o‘quvchilarga rus tilidan bilim berib kelayotgan Yorqinoy Mamatisaqova bilan suhbatlashdi. Suhbat “Ustoz stipendiyasi”ni joriy etishga turtki bo‘lgan omillar, ta’lim jarayonidagi muammolar hamda o‘smir yoshidagi o‘quvchilarni qanday qilib o‘qishga qiziqtirish haqida bo‘ldi.
1969-yilda Marhamat tumanida tug‘ilganman. Bola bo‘lsam ham mahallamizda, o‘qishda doim o‘zimdan bir-ikki yosh katta opalarim bilan yurardim. Shu sababli opalarimga ergashib men ham maktabga borganman. Biroq yoshim yetmagani bois meni qabul qilishmagan. Rosa yig‘laganman. Bir haftadan ortiq maktabga kelib yurganman. Shundan keyin opam uyda taxtalarni g‘ishtning ustiga qo‘yib, “kel men senga dars o‘taman” deb, o‘qish-yozishni o‘rgata boshlagan. Shu sababli birinchi sinfga chiqqunimcha o‘qish-yozish va sanashni o‘rganib bo‘lganman. Bolalikdan ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishim sabab bitirgunimga qadar doim a’lochi o‘quvchilardan bo‘lishga harakat qildim. Hattoki yuqori sinflarga o‘tgandan keyin o‘zimizdan kichik sinflarga darslar o‘tdim. Bizga birinchi harf tanitgan ustozimiz, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Rahmatillo Jo‘rayevning shu kungacha yetib kelishimizda hissasi katta, — deydi Yorqinoy Mamatisaqova.
Suhbatdoshning aytishicha, u bolalikdan suhandon bo‘lishni orzu qilgan, biroq uydagilari uni poytaxtga yuborishni istamagan. Shu sababli u maktabni bitirgach, Andijon davlat tillar pedagogika institutiga hujjat topshirgan.
Bolalagimda jurnalist, suhandon bo‘lishni orzu qilardim. Shuning uchundir barcha tadbirlar mening boshlovchiligimsiz o‘tmasdi. U paytlarda kamdan kam ota-ona farzandini poytaxtga jo‘natishardi. Shu sababli maktabni bitirib, uydagilarga maqsadimni aytganimda “Qiz bolaga uzoqda nima bor, buni xayolingdan chiqarib tashla. O‘qisang, o‘zimizda o‘qi”, deb rozilik berishmagan. Suhandon bo‘lish bilan birga ko‘nglimda yana bir kasb — o‘qituvchilikka ham mehrim bor edi. Maktabning 10-sinfini bitirib, Andijon davlat pedagogika institutiga hujjat topshirganman. Biroq imtihondan ikki kun oldin dadam Otajon Ahmedovning vafot etgani ruhiyatimga ta’sir qilgani uchun yetarli ball to‘play olmasdan birinchi yildayoq yiqilganman.
Men talaba bo‘lishim kerak degan maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun qattiq tayyorgarlik ko‘rganman va 1988-yilda talabalik baxtiga muyassar bo‘lganman. 1993-yilda Andijon chet tillari institutini tamomlab, o‘zim tahsil olgan maktabga ishga qabul qilinganman. Mana o‘ttiz yildan buyon ushbu dargohda o‘quvchilarga rus tilidan dars berib kelyapman.
Ko‘pchilik mendan nega o‘zbek maktabda o‘qib rus tili o‘qituvchisi bo‘lishga qaror qilgansan, deyishadi. Maktabimiz chegara hududda joylashgan. Shu sababli qishlog‘imizda turli millat vakillari ahil-inoq yashaganmiz. Biz o‘qigan paytlarda rus tili birinchi sinfdanoq o‘rgatilgan va ushbu fan o‘qituvchilari asosan rusiyzabon kishilar bo‘lgan. Misol uchun boshlang‘ich sinflarda bizga Raisa Bogdanova rus tilidan ta’lim bergan va shu ayol menda tilga bo‘lgan mehrni uyg‘otgan. Avvallari ayrim fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan sinflar bo‘lar edi. Rus tilidan yaxshi o‘qiganligim bois meni “B” sinfdan “A” sinfga o‘tkazishgan. Bizga Ma’mirjon Hojimatov ismli o‘qituvchi sinf rahbarlik qilgan. Yuqori sinflarda deyarli har kuni rus tili o‘tilgan, — deydi qahramonimiz.
Yorqinoy opaning ta’kidlashicha, o‘qituvchi bo‘lib ishlagandan keyin fidoyi bo‘lishi, o‘quvchini qiziqtira olishi kerak. Shundagina u ko‘zlagan natijaga erishishi mumkin.
Maktabda o‘qituvchi bo‘lgandan keyin fidoyi bo‘lib yonib ishlash kerak, deb o‘ylayman. Bu maktabda bunday ishlayotgan faqatgina men emas, men kabilar juda ko‘plab topiladi. Pedagog eng avvalo o‘quvchini qiziqtira olishi muhim deb hisoblayman. Qishloq joylarda o‘quvchilarni qiziqtirish uchun turli to‘garaklar, tadbirlar va tanlovlar katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham bunga alohida e’tibor beraman. Hamkasbim va shogird o‘qituvchilar bilan birga uch yil avval maktabimizda iste’dodli o‘quvchilardan iborat “Zolotaya ribka”(Oltin baliqcha) nomli qo‘g‘irchoq teatrini tashkil etganmiz. Bunga o‘zimiz homiylik qilamiz. Shu kunga qadar o‘quvchilar bilan birga juda ko‘plab spektakllarni sahnalashtirganmiz. Hattoki “Oltin baliqcha” hamda “Zumrad va Qimmat” nomli spektaklarimizni qo‘shni maktablar va bog‘chalarda rus va o‘zbek tillarida qo‘yib berdik”, — deydi Yorqinoy Mamatisaqova.
Pedagogning qayd etishicha, o‘tish yoshidagi o‘quvchilarni boshqarish qiyin, ammo buning uddasidan chiqsa bo‘ladi. Ular bilan o‘ta yaqin bo‘lib, sirlashib, gaplashilsa, ko‘zlangan samarani berishi mumkin.
Ayni paytda rus tilidan dars berish bilan birga 10-sinfga rahbarlik ham qilib kelaman. Ushbu o‘quvchilarni menga 7-sinf o‘qiyotgan paytda berishgan. Unda sinf 21 nafar o‘g‘il bola va 11 nafar qizdan iborat edi. O‘zingizga ma’lum o‘g‘il bolalar ko‘p sinf bir oz og‘irroq hisoblanadi. Bundan tashqari, ayrim o‘quvchilarning boshqa ixtisoslashgan maktablarga o‘tib ketishi ortidan ikkita sinf birlashtirilgan holda edi. Shuning uchun ham boshida jamoa tashkil qilish biroz qiyin bo‘ldi. Bolalar o‘tish yoshida bo‘lgani uchun ularga alohida e’tibor zarur edi. Buning uchun ancha harakat qildim. Sinf soatlariga alohida e’tibor qaratdim. Darsdan tashqari vaqtlarda ularni muzeylarga, tabiat qo‘yniga ekskursiyalarga olib bordim. Shunda bir narsaga amin bo‘ldimki o‘quvchi bilan o‘ta yaqin bo‘lib, sirlashib, gaplashsa ko‘zlangan samarani berarkan. Sinfim bilan men o‘ta yaqin bo‘lib ketganman. Qisqa muddat ichida odobli, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan sinfga aylandi, — deydi pedagog o‘qituvchi.
Mamatisaqovaning aytishicha, uch yildan buyon o‘quvchilarni turli sovg‘alar bilan rag‘batlantirib keladi. Biroq 10-sinfga o‘tgandan so‘ng qanday rag‘batlantirish haqida uzoq bosh qotirgan va xorijlik o‘qituvchilarning tajribasidan foydalanib ko‘rishga qaror qilgan.
Sinf rahbarlari va yuqori sinflarda dars beradigan o‘qituvchilar yaxshi bilishadi o‘quvchilarda 10—11-sinfga o‘tgach salbiy o‘zgarishlar yuz beradi. Kimdir o‘qishni tashlab yuborsa, kimdadir umuman maktabga kelishga ham qiziqmay qo‘yish holatlari kuzatiladi. Darslarga kirganda o‘qituvchilarning asabini buzish holatlari ham uchraydi. Tengdoshlari bilan tez-tez urush-janjallar qilishi ham bor gap. Nafaqat ustozlar, balki ota-onalarning o‘zi ham shikoyat qilardi. Shu sababli sinf rahbar sifatida ularni qanday rag‘batlantirsam o‘qishga qiziqishi yanada ortadi, degan fikr xayolimdan doim o‘tib kelardi. Avvalari bloknot, kitob, ruchka va shunga o‘xshash sovg‘alar berib rag‘batlantirib kelardim. Biroq bular o‘smirlik davrida bo‘lganligi uchun jiddiy rag‘batlantirishim va motivatsiya berishim kerakki, kelajakda ta’sir qilishi lozim deb o‘ylardim. Izlanishlar davomida internet orqali ayrim g‘arb mamlakatlarida yuqori sinf o‘qituvchilariga stipendiyalar joriy etilganini o‘qidim. Angliyadagi qishloqlarning birida bir o‘qituvchi o‘z maoshidan stipendiya qilgan ekan.
Birinchi chorak yakunida uyda o‘tirsam, men ham shunaqa qilsammikan degan g‘oya keldi. O‘zim ham xursand bo‘lib ketdim. Keyin turmush o‘rtog‘im va qizimga maslahatlashish uchun “O‘quvchilarimga ozroqdan stipendiya ta’sis qilmoqchiman. Shuni qilsam ularga qanday ta’sir qilarkan”, deb aytdim. Oilam qo‘llab-quvvatladi va qancha summadan bermoqchi ekanligimni so‘rashdi. 25 ming so‘mdanligini aytganimda turmush o‘rtog‘im o‘quvchilar katta bo‘lib qolganligini, turli qo‘shimcha darslarga borishini aytib, 50 ming so‘mdan qilishim lozimligini bildirishdi. Shundan keyin konvert dizaynini o‘ylab, konselariya mollari do‘koniga bordim. Biroq u yerdagi konvertlar yoqmasdan o‘zim tepasi smayliklardan iborat, o‘quvchilarning ko‘ziga lov etib ko‘rinadigan konvert tayyorlashga kirishdim. So‘ngra sinf soatida o‘quvchilarga yangi chorak boshlanganida yig‘ilish o‘tkazishimni va syurprzim borligini aytdim. Ular doimgidek kitob va shunga o‘xshash narsalar bersa kerak deb o‘ylashdi. Elektron jurnalga asosan to‘rt nafar o‘quvchiga konvertni topshirganimizda ularning quvonchini ko‘rsangiz, konvert ko‘zlariga oltindek ko‘rindi. Hattoki maktabda ochmasdan ota-onasini xursand qilish uchun uyiga olib ketishdi. Kechga yaqin ota-onalarim qo‘ng‘iroq qilishib, o‘z minnatdorligini bildirishib, yig‘lashdi ham. Shunda bu ishni qilganimdan o‘zim ham xursand bo‘ldim. Yaxshiyam qilibman dedim”, — deydi Yorqinoy Mamatisaqova.
Qahramonimizning ta’kidlashicha, stipendiyani mashhur bo‘lish yoki shov-shuv ko‘tarish maqsadida joriy etmagan, buni ommaga e’lon qilish haqida ham o‘ylamagan.
To‘g‘risini aytish kerak, mashhur bo‘lish yoki shov-shuv qilish yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. G‘oya tug‘ilgan vaqtda ham faqat bu o‘quvchilarga qanday ta’sir qilishi o‘ylantirgandi. Stipendiya tashkil etishdan maqsad o‘quvchilarimga bo‘lgan mehrim. Bunaqa stipendiyani joriy etish uchun katta pul ketmaydi. Allohga shukur maoshimiz yaxshi, ustamalar berilyapti. Mana shu tufayli menda qiyinchilik tug‘ilmadi. Faloncha o‘quvchiga stipendiya beraman degan fikr rejamda yo‘q edi. Stipendiyani ko‘rib, o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. A’lo baholarga o‘qish uchun astoydil harakat qilayotganlar soni ortdi. Bu esa ikkinchi chorakda stipendiya oluvchilar soni ko‘payishi mumkinligidan darak bermoqda, — deydi o‘qituvchi.
Suhbatdoshning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda stipendiya bergani uchun unga nisbatan “Siz o‘quvchini pulga o‘rgatyapsiz, bunday qilmang”, deya negativ fikr yozganlar ham bor.
Stipendiya berilganligi haqidagi xabarlarga ijtimoiy tarmoqlarda negativ fikrlar yozganlar ham bo‘ldi. Bittasi “Siz o‘quvchini pulga o‘rgatyapsiz, bunday qilmang”, dedi. Shunda men unga nega ulardan ko‘p narsani yashirishimiz kerakligi, yolg‘on-yashiq bilan yashashimiz lozimligini, pul birinchi navbatga chiqqanligini aytdim. Hamma pul uchun ishlaydi. Misol uchun, o‘quvchilarim darsdan keyin ota-onasiga yordam berish uchun ishlab, pul topyapti. Qo‘shimcha darsga borish, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishda internetdan foydalanish uchun pul kerakmi? Nega unda biz bolani pulga o‘rgatma, vatanparvar qilib tarbiyala deb bong urishimiz shart? Vaholanki vatanparvar qilib tarbiyalash uchun ham bola halol yo‘l bilan pul topishni o‘rganishi shart. Albatta stipendiya 10—11-sinflarga berilsa yaxshi natija beradi.
Bolani chin ko‘ngildan yaxshi ko‘rish, ularning psixologiyasini bilish va motivatsiya berishni bilish zarur ekan. Bunda imkoniyatimiz bor ekan uni to‘g‘ri yo‘lda sarflashimiz va qo‘ldan chiqarmasligimiz muhim. Atrofga qarang, ko‘p joylarda urush, notinchlik, qanchadan qancha begunoh yosh bolalar o‘lib ketyapti. Bizga berilgan qisqa umrdan to‘g‘ri foydalanib, yaxshilik qilishimiz kerak. Siz-u bizdan shu qoladi. Arzimagan pul sarfladim, lekin o‘quvchilarning olgan motivatsiyasi million-million pullarning huzurini berdi, — deydi Yorqinoy Mamatisaqova.
Izoh (0)