Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani Falastinning HAMAS guruhiga homiylik qilishda aybladi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Zelenskiy Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush birdaniga ikkita mojaro uchun AQSHdan mablag‘ ajratishni talab qilishini aytdi. U shu tariqa Rossiyani ikkala urushda, jumladan, HAMASga homiylik qilishda ham rol o‘ynashda aybladi. Siyosatchi “butun dunyo Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish uchun hamma narsani qilishi kerak”ligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Zelenskiy “bugun bo‘lsa ham, Isroilga borishga tayyorligini” bildirdi. U tashrifning ehtimoliy vaqti haqida gapirar ekan, quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
“Buni aytish qiyin, chunki men urush kechayotgan mamlakatning prezidentiman va siz bizning jang maydonimizda vaziyat juda qizg‘in ekanini bilasiz”.
Shuningdek, Zelenskiy har qanday mumkin bo‘lgan tashrif Ukrainadagi “jang maydonida nima bo‘layotganiga” va Isroildagi mojaro zonasini haligacha tark eta olmagan ukrainaliklarning o‘z vatanlariga qaytish imkoniyatiga bog‘liq bo‘lishini taʼkidladi.
Izoh (0)