“Gazprom” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzolandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, “Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi – 2023” doirasida O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar hamkorlikning borishi hamda istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Xususan, 2023-yilning oktyabr oyida boshlangan Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish masalasi muhokama qilindi. O‘zbekiston isteʼmolchilarini energiya bilan barqaror taʼminlashda “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvurlari tizimi asosidagi maxsus ajratilgan yo‘nalish alohida o‘rin tutishi, bu, ayniqsa, kuz-qish mavsumida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda Jo‘rabek Mirzamahmudov va Aleksey Miller energetika kompleksidagi hamkorlik bo‘yicha strategik memorandumni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, tomonlar gaz taʼminoti hamda tashish sohasida, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidiruv va qazib olish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantiradi.
Izoh (0)