Isroil G‘arbiy Sohildagi yuqori martabali HAMAS yetakchisining uyini portlatib yubordi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Ramalloh yaqinidagi Arura shahrida Solih al-Aruriyning uyi butunlay portlatib yuborilgan. Livanda quvg‘inda yashayotgani taxmin qilinayotgan al-Aruriy HAMAS siyosiy byurosi raisining o‘rinbosari. Hodisa payti u va oilasi ham uyda bo‘lmagan.
Isroil kuchlari 10 kun oldin al-Aruriyning uyini egallab olgan va undan razvedka markazi sifatida foydalanishni boshlagan.
“Bu uyni portlatish ko‘proq ramziy ma’noga ega edi. Isroil razvedkasi al-Aruriyni qo‘lga olishni xohlaydi. U 7-oktyabr kuni HAMAS Isroilga uyushtirgan hujumning haqiqiy tashkilotchilaridan biri sifatida qaraladi”, — dedi Al Jazeera muxbiri.
Isroil, shuningdek, 1400 isroillikning o‘limiga sabab bo‘lgan 7-oktyabr hujumlarini uyushtirishga aloqador bo‘lgan HAMASning yana bir a’zosini o‘ldirganini e’lon qilgan. Bundan tashqari, quruqlidagi operatsiya davomida Isroil HAMASning nufuzli jangarilarini yo‘q qilgan.
Izoh (0)