O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi avtoulov narxlari pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning 2023-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha tayyorlangan “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da keltirilgan.
Qayd etilishicha, kelgusida mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi natijasida import uchun bojxona tariflarining qisqarishi, shuningdek O‘zbekistonda qo‘shimcha avtoulov ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi avtoulov bozoridagi taklif hajmini ortishiga xizmat qiladi. Bu esa, ichki bozorda avtoulov narxlarining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Avtoulov narxlarining arzonlashishi natijasida tijorat banklari tomonidan avtokreditlar ajratishda garov sifatida qabul qilingan avtoulovlarning bozor qiymati kamayadi. Bunda, ajratilgan avtokreditlar yetarlicha garov taʼminoti bilan taʼminlanmasligi yuzaga kelishi mumkin.
Natijada qarz oluvchilarda kredit to‘lashdan ko‘ra garovdan voz kechish ehtimoli yuqorilab, tijorat banklarida avtokreditlar bo‘yicha muammoli kreditlarning ulushi va kredit yo‘qotishlari hajmining ortishi kuzatiladi.
“Moliyaviy barqarorlik sharhi”da keltirilishicha, avtoulov bozorida narxlarning keskin arzonlashishi tufayli jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori bo‘lgan banklarda yirik kredit yo‘qotishlari yuzaga kelishi mumkin. Jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori bo‘lgan banklarning bank tizimida sezilarli ahamiyatga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu banklarda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar bank tizimi uchun qo‘shimcha tizimli xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Izoh (0)