O‘zbekistonlik ayolga eri Rossiyada ish joyida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani uchun kompensatsiya puli undirib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, M.K. turmush o‘rtog‘i E.K.ning Rossiyada ish joyida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa natijasida vafot etgani holati bo‘yicha kompensatsiya pulini undirib berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi huzuridagi Mehnat migrantlarining murojaatlari bilan ishlash va huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan ko‘rsatilgan huquqiy yordam natijasida Rossiya Pensiya va ijtimoiy sug‘urta fondidan M.K. foydasiga 824 ming 252 rubl (8461 AQSH dollari) miqdorida kompensatsiya puli undirib berildi.
Shuningdek, E.K.ning farzandi M.B.ga 2033-yil 26-iyunga qadar har oyda 19,226 rubldan sug‘urta puli to‘lanishiga erishildi.
Izoh (0)