O‘zbekistonda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olishni istovchi oilalar ko‘p. Ammo, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning hammasiga ham berilmaydi. Xo‘sh, nima uchun? Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam o‘zi kimlarga beriladi?
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash “Yagona reyestr” ATda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. “Yagona reyestr” AT bu – idoralararo elektron maʼlumot almashuv asosida kam taʼminlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashda “Yagona reyestr” ATda oilaning rasmiy daromadlari, mavjud ko‘chmas mol-mulklari va avtotransport vositalari hamda boshqa maʼlumotlari asosida mezonlarga mos kelishi o‘rganiladi. Bunda quyidagi hollarda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:
- ariza beruvchi oilasining har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdori (hozirgi kunda 568 ming so‘m)dan oshganda;
- ariza beruvchi va uning oila aʼzolari egaligida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
- ariza beruvchi yoki uning oila aʼzolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda:
- ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;
- ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
- jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
- ariza beruvchi va uning oila aʼzolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida ariza berilgan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;
- ariza beruvchi va uning oila aʼzolarida ariza berilgan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda;
- oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan aʼzolari mavjud bo‘lganda;
- oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan aʼzosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda;
- rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila aʼzosi mavjud bo‘lganda.
Bunda ariza beruvchiga “Yagona reyestr” AT orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash yoki rad qilinganligi to‘g‘risida elektron xabar (arizada ko‘rsatilgan elektron manzilga yoki SMS-xabarlar xizmati orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.
Izoh (0)