Janubiy Koreyada 40 yoshli o‘zbekistonlik erkak o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, 69 yoshli koreyalik ayolni yong‘indan qutqardi. Bu haqda The Korean Herald xabar berdi.
Janubiy Kyonsan provinsiyasining yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga Yansan shahridagi keksa er-xotin boshqaradigan restoranda yong‘in chiqqani xabar berilgan. Tamaddixonada portlash ovozi, oynaning sinishi va alangaga guvoh bo‘lgan noma’lum shaxs 119 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Biroq bu orada ayol restoranda yolg‘iz bo‘lgan, alanga to‘satdan tarqalib ketgan. O‘t o‘chiruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ayol kuygan, hushsiz va og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Ayolning 70 yoshlardagi turmush o‘rtog‘i yong‘in boshlanishidan oldin restoranni tark etgan va shiddatli yong‘in tufayli unga kira olmagan. Hodisa payti qo‘shni villada yashovchi O‘zbekiston fuqarosi yonayotgan restoranga kirib, ayolni olib chiqqan.
Yong‘in butun restoran va yaqin atrofdagi avtomobillarni qamrab olgan. Mahalliy vaqt bilan soat 18:44 da boshlangan yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan 19:11 da to‘liq o‘chirilgan. Keltirilgan zarar 80 million von (60 419 dollar) miqdorida baholanmoqda.
Ayni paytda ayol butun tanasining ikkinchi darajali kuyish jarohati bilan kasalxonada davolanmoqda, uning eri ham yong‘inda olgan jarohatlari tufayli muolaja olmoqda. Uni qutqargan o‘zbekistonlik erkak shisha sinishidan yengil tan jarohati olgan, unga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Yong‘in xavfsizligi xodimlari hodisaning aniq sabablarini o‘rganmoqda.
Izoh (0)