O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasi Harbiy-ilmiy va amaliy rivojlantirish markazi katta ilmiy xodimi, isteʼfodagi general-mayor, harbiy fanlar nomzodi, professor Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov og‘ir kasallikdan keyin 15-sentabr kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
U bilan vidolashuv 16-sentabr kuni soat 11:00 da Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib o‘tadi. Vidolashuv marosimiga mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Shuhrat Xalmuhamedov rahbarlik qiladi.
Aleksandr Shishlyannikov 1950-yil 3-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlab, Chexoslovakiyadagi Markaziy harbiy qo‘mondonlik va Germaniyadagi G‘arbiy harbiy qo‘mondonlik bo‘linmalarida xizmat qilgan. 1993−1995-yillarda Tojikistonning birinchi mudofaa vaziri lavozimida ishlagan.
Aleksandr Shishlyannikov oliy davlat mukofotlari, jumladan, 3 ta orden va 50 dan ortiq medallar hamda esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. 2019-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Izoh (0)