Sezarni qiynagan tashvishlar Onorega ham tanish edi
Balzakning Ganskaya xonimga maktubidan: “Hozir men “Sezar Biroto” degan juda katta asar ustida ishlamoqdaman. Uning qahramoni siz taniydigan Birotoning ukasi. U ham akasiga o‘xshagan qurbon, lekin u Parij sivilizatsiyasining qurboni, akasi esa faqat bitta odamning qurboni bo‘lgan edi. Parijlik Biroto — “qishloq vrachi”day gap, faqat bunda voqea Parijda sodir bo‘ladi. U — soddadil Suqrot — zulmat qo‘ynida o‘z zaharini tomchima-tomchi ichadi. U toptalgan farishta, xo‘rlangan halol odam. Juda ajib bir manzara hosil bo‘ladi-da! Bu asar hozirga qadar yozganlarim orasida eng ko‘lamli, eng muhim asar bo‘ladi. Agarda siz meni unutib yuborsangiz, mening ismim jami shon-u shavkati bilan sizga ta’na-yu dashnom kabi yetib borishini istayman...”
Bu roman Balzakni to‘lqinlantirganligining sababi, bu asar uning o‘z hayoti bilan chambarchas bog‘liq edi. Albatta, Sezar Biroto — mutlaqo Balzakning avtoportreti emas. Albatta, ijodkorning daholigi uning “farzandiga” o‘tgan emas. Ammo Sezarni qiynagan tashvishlar Onorega yaxshi tanish edi. O‘z vaqtida Balzakning o‘ziga ham daromad-u buromadlarini kechasi-yu kunduzi sinchiklab hisoblab turishga to‘g‘ri kelgan edi. Rost, u sinish darajasiga yetib borgani yo‘q, biroq o‘sha yo‘lga qadar ikki qadamgina qolgan edi. Shuning uchun ham u umrining oxirigacha kommersiya qonunchiligidan yurak oldirib qoldi va qalbida unga qarshi otashin bir nafrat bilan yashadi. Balzakning o‘zi sudxo‘rlar bilan, nomussiz bankirlar bilan, qahri qattiq savdogarlar bilan tanishishga majbur bo‘lgan edi. Bundaylar bugun oqshom siz bilan ziyofatda birga o‘tiradi-da, ertasiga qarzini qistab qog‘oz yuboradi.
Sezar Birotoning akasi to‘g‘risida Balzak shunday deydi: “...Sho‘rlik o‘z xatti-harakatlarini aniq-ravshan anglab yetmas edi. Bu xususiyat o‘zlarini shu daqiqada qanday bo‘lsalar shunday ko‘ra biladigan va o‘zlari haqida go‘yo bir chetdan turib mulohaza yuritishga qobil bo‘lgan ulug‘ odamlarga va muttahamlargagina xosdir”. Balzakning o‘zi xatti-harakatlarini aniq-ravshan tushunish qobiliyatiga ega edi va u o‘zi to‘g‘risida go‘yo bir chetdan turib mulohaza yurita olardi. Andre Biyi juda ham ziyraklik bilan Balzak nafaqat Birotoga, balki bedavo Dyu Tiyega ham o‘z xarakterining belgilarini bergan deb qayd qiladi. Dyu Tiye istiqomat qiladigan joyning g‘aroyib anjomlari Balzakning o‘z uyidagi ahvolni eslatadi. Xuddi Dyu Tiye Rogen xonimdan pul olganiday, Balzakning o‘zi ham de Berni xonimdan mumaygina pul olgan…
Birdan asar ichiga kirib ketdim-a! Bu safar fleshbekka hojat qolmagandi. Yana Balzakka murojaat qilishimning sababi oldingi uning asarlariga bag‘ishlangan ikkita taqrizdan keyin bu romanni eslab o‘tmasam gunoh bo‘lardi. Chunki Balzakning o‘zi yuqorida aytilganidek, o‘zi sevib, yonib yozgan. Zotan, adiblarni mashhur qilgan asarlarning ko‘pidan muallifning o‘zi qoniqmaydi. “Sezar Biroto” esa butunlay boshqa olam. U Balzakning olami — og‘riqlarga, xatolarga to‘la dunyosi.
“Sezar Birotoning qisqa fursatda yuksalishi va xuddi shunday qulashi tarixi”
“Sezar Biroto”ni yaratar ekan, Balzak yoshligidagi g‘amli hodisalarni qaytadan boshidan kechiradi. Bu esa kitobga shu paytgacha ko‘rilmagan juda zo‘r ta’sir kuchini bag‘ishlaydi. XIX asr fransuz romanining xatolaridan biri shunda ediki, mualliflar ko‘tarinkilikni faqat muhabbat tasvirlaridan izlar edilar. Muhabbat mavzusi hamma narsadan ustun kelib hukmronlik qilishi hayot haqiqatiga muvofiq kelmasligini Balzak ko‘ra oldi. Muhabbat bilan bir qatorda takabburlik, shuhratparastlik, xasislik, ochko‘zlik kabi illatlar romanning asosi bo‘la oladi.
Romantik ko‘tarinkilik qahramon o‘zi uchun yaratgan amal bilan kundalik hayotning shafqatsiz voqeligi o‘rtasidagi konfliktdir. Oshiq-ma’shuqlar romanning qahramoni bo‘lishga qanchalik haqli bo‘lsalar, korchalonlar, ruhoniylar, xasislar ham romanning asosiy ishtirokchilari bo‘lishga shunchalik haqlidir. “Sezar Biroto” romanida muhabbat ancha soyada qolib ketgan, buning ustiga uni romantik deb atashdan ko‘ra harakatsiz, qotib qolgan deb atasa to‘g‘riroq bo‘ladi, lekin shunga qaramay, bu kitob “Insoniyat komediyasi”ning eng go‘zal va eng ta’sirchan asarlaridan biridir.
“Sezar Biroto” shunday asarlar sirasiga kiradiki, uning yordamida Balzakning yozuvchilik texnikasini juda yaxshi o‘rganish mumkin. Bu romanning umumlashgan nomi “Sezar Birotoning yuksalishi va qulashi tarixi” deb ataladi. Inson taqdiridagi ko‘tarilishlar va halokatlar hamisha Balzakning e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan. O‘z qahramonining hamma istaklarini bajo keltirib, uni farovonlik cho‘qqilariga chiqarib qo‘ymoq, so‘ngra esa tubsiz jahannam qa’riga tushib ketmaguncha uni asta-sekin pastga tushira borish Balzakka juda yoqar edi. Xuddi baron Yulo kabi Biroto ham kitobning boshida bizning ko‘z o‘ngimizda shon-u shuhrat osmonida parvoz qilib yurgan holda namoyon bo‘ladi. Tantanali ziyofatlar, Faxriy legion ordeni, yangi savdo firmasi — uning ko‘tarilish yo‘lidagi eng yuksak nuqtalar.
Biroq shunisi ham ma’lumki, yuksaklarda bizni qanotni qirquvchi iblis poylab turgan bo‘ladi. Shuning uchun Balzak sho‘rlik qahramonning jar yoqasida ushlab turgan tayanch qoziqlarini shafqatsizlik bilan birin-ketin sug‘urib tashlaydi. U qahramonning omadli davrlaridayoq bunday inqirozlarni tayyorlab qo‘yadi. Qahramon cho‘qqiga chiqib olib, o‘zining boyligi-yu muvaffaqiyatlaridan lazzatlanayotgan bir paytda Balzak uning yo‘liga oyoq ostidan sirg‘alib tushib ketuvchi toshlar, bir qarashda payqab bo‘lmaydigan chohlar, ko‘chkilar qo‘yib qo‘yadi. Sho‘rlik Birotoning tevaragiga u qaroqchilar pisib yotgan pistirmalarni joylashtiradi. Romannavisning ixtiyorida bag‘ritosh kallakesarlar tayyor turadi.
Aka-uka Birotolar ko‘z ilg‘amas dushmanlar tomonidan puxta uylanib, sinchiklab ishlab chiqilgan halokatli rejalar oqibatida majaqlab tashlanadilar. Qahramonning shunday dushmani uning sobiq gumashtasi Ferdinand Dyu Tiye edi. Sezar uning o‘g‘riligini fosh qiladi-yu, keyin kechiradi, biroq Tiye Birotoning saxovatpeshaligini sira kechira olmaydi. U juda xavfli dushman, chunki aqlli, abjir, ko‘ngli qora va vijdon degan narsadan mutlaqo mahrum kas. Dyu Tiye Nusingen bilan birga Filipp Bridoni xarob qiladi.
“Bu bir tasodifmi yo umumreja, bilganim — dunyo ana shunday qurilgan…”
Adib mahoratiga qaytamiz. Balzak Birotoning uyiga oqsuyaklar vakillaridan ancha-munchasini to‘plash imkoniga ega bo‘lmadi. Ammo oqsuyaklar romanda “Atirgullar qirolichasi” do‘konining mijozlari sifatida ishtirok etishadi. “Yo tavba, Sezar! — deya yolvoradi Konstans. — Faqat senga mol berib turadigan savdogar tarzida bilgan odamlaringga taklifnoma yuborma, axir... Yoki sen biryo‘la ikkala Vandeneslarni ham, de Marse, de Ronkerolni ham, d'Eglemonni ham, qo‘ychi, bir so‘z bilan aytganda, xaridorlarning hammasini taklif qilmoqni o‘ylayapsanmi? Esingni yeb qo‘yibsan, izzat-ikromlar boshingni aylantirib qo‘yibdi”. Shunday bo‘lsa-da, Vandenes qirol Lyudovikning shaxsiy kotibi sifatida sud tomonidan oqlanib, hamma huquqlari tiklab berilgan Sezar Birotoni qirol nomidan tabriklagani keladi.
Umuman olganda, bu roman “Insoniy komediya”dagina emas, balki, aytish mumkinki, butun Fransiya tarixida mustahkam o‘rin tutadi. Bu roman Restavratsiya to‘g‘risidagi asardir. Inqilob yillarida Sezar Biroto tasodifning kuchi bilan realist bo‘lib qoladi. Sezarning birinchi xo‘jayini janob Ragon ashaddiy realist edi, shuning uchun uning “Atirgullar qirolichasi” degan do‘koni chinakamiga fitnaning uyasiga aylanadi. Sezar Birotoning o‘zi esa Bonapartga qarshi kurashayotib Vandemyerda avliyo Roha cherkovining zinalarida yengil yarador bo‘lgan edi. Uncha katta bo‘lmagan bu voqea uning keyingi hayotini belgilab beradi. Bu voqea Restavratsiya yillarida unga omad keltiradi, uning shahar mahkamasida mansab egasi bo‘lishiga yordam beradi. Bu orden oldiniga qahramonimizning ulug‘vorligini ifodalovchi ramz bo‘lib qoladi, keyin esa uning yemirilishining ilk sababchisi bo‘ladi.
Ko‘pincha odamning siyosiy mavqei bir ko‘rishda uning e’tiqodi-yu sig‘inadigan qoidalari bilan belgilanadiganday bo‘lib tuyuladi, aslida esa bu mavqe biron-bir uchrashuvga yoxud hovliqib qilingan harakatga bog‘liq bo‘ladi. Agar Balzakning yo‘lida de Berni xonim ro‘para kelmaganida u monarxist bo‘lmasligi mumkin edi, Vandemyerdagi hodisa ro‘y bermaganida esa Sezar Biroto butun umri davomida oddiygina attor bo‘lib qolaverar edi, uning shuhrattalab intilishlari baqqollik doirasidan chiqmagan bo‘lur edi. Ehh, dunyo ana shunaqa qurilgan.
Asarning markaziy figurasi uning xarakteri va ohangini belgilab beradi. Biroto obrazini qayta idrok etar ekan, Balzak romandagi mayda burjualarni ham xayrixohlik bilan istarasini issiq qilib tasvirlamog‘i kerak edi. Ular “yakshanba kunlari dala hovlilariga borishadi, aslzodalarning nozikta’b qiliqlariga taqlid qilishga intilishadi. Mahkamalarning ehtiromini qozonish payidan bo‘ladilar, ular hammaga hasad qiladilar, shu bilan birga ular ko‘ngilchan, xizmatga tayyor, dardkash, boshqalarga darhol yordam qo‘lini cho‘zishga hozir odamlar... Ular o‘zlarining ko‘ngilchanliklaridan doim boshlari tashvishda yuradi, zodagonlar jamiyati, garchi o‘zi ularning tirnog‘iga arzimasa-da, ularning nuqsonlari ustidan masxaralab kulib yuradi... Ular qizlarini soddadil, mehnatkash qilib voyaga yetkazadilar, lekin ular oliy tabaqalar bilan muloqotga kirishishlari hamono bu fazilatlardan asar ham qolmaydi. Bu soddadil qizlar ichidan yumshoq tabiatli Krizal bajon-u dil o‘ziga turmush o‘rtog‘ini tanlashi mumkin...” Balzak tomonidan tasvirlangan zodagonlar orasida Konstans, Biroto, Anselma Popino va Pilyero amaki kabi ulug‘ sifatlarga ega odamlar kamdan-kam uchraydi.
Bu odamlarningnhammasi oliyjanob xarakterlarga ega, ularni pachoq odamlar deb aytib bo‘lmaydi, chunki teran insoniylik ularga betakror joziba baxsh etib turadi. Pilyero — oqil va mulohazakor odam. U o‘zining soddaligi bilan bizni maftun etadi. U hatto o‘zining eng yuksak ishlarini amalga oshirganda ham bu soddaligini yo‘qotmaydi. Pilyero aslo pardozlangan avliyo emas. Hordiqqa chiqqan bu tadbirkor ishlarning past-balandini yaxshi biladigan, turli xil qallobliklar-u sudxo‘rlar bilan yaxshi tanish, nozik odam. U buning zarur ekaniga ishonch hosil qilganida sira ikkilanmasdan Sezarga o‘zini singan deb e’lon qilishni maslahat beradi. Zarur bo‘lganida u serzarda ham bo‘la oladi, qat’iyat ham ko‘rsatadi.
Xuddi shunga o‘xshash Konstans Biroto ham namunali rafiqa. Sog‘lom aql unga sodir bo‘lajak halokatni oldindan ko‘rishga yordam beradi, ammo tabiiy mushfiqligi bu ayolga baxtsizlik ustidan g‘alaba qozonishga xalaqit beradi. Shunga qaramay, uning ham o‘ziga yarasha yurak sirlari bor. O‘z vaqtida Tiye uning ketidan shilqimlik qilib yurgan, Konstans bu to‘g‘rida eriga hech narsa aytmagan, lekin shunga qaramay, Tiyening maktublarini asrab qo‘ygan. Ularda shunday so‘zlar uchrar ediki, bunaqa so‘zlarni Sezar xotiniga hech qachon gapirgan emas edi. Konstans — pastkash hushtorlarni yomon ko‘radigan befarq juvon va ayni choqda u dilbargina bir ayol — o‘zining ta’sir quvvatini his etish unga lazzat bag‘ishlaydi. Ayni ana shu insoniy murakkabliklari oqibatida Balzak personajlari uchta me’yorga ega va u yaratgan dunyo real voqelik dunyosini eslatib turadi.
“U fazilatni taqdirlab, gunohni jazolashga intilmas edi…”
Balzak o‘zi yaratgan xarakterlarni sinchiklab o‘rganadi, lekin o‘z asarlarida ishtirok etuvchilar ustidan hukm chiqarmaydi. Balzak biladiki, agar Rogen surunkali tumov bo‘lmaganida va dimog‘idan badbo‘y hid kelib turmaganida, vijdonsiz notarius bo‘lmagan bo‘lardi. Bu xastalik Rogen xonimda eriga nisbatan yengib bo‘lmaydigan jirkanish tuyg‘usini uyg‘otadi. Shunda xotinining nafratiga uchragan va uning xiyonatini ko‘rgan notarius taskin topmoq niyatida va yana o‘ziga ishonch tuyg‘usini qaytarmoq uchun buzuq xotinlardan o‘ynash tutadi. Buning oqibatida u doimiy ravishda pulga muhtojlik his qila boshlaydi, qalloblik yo‘liga qadam qo‘yadi va oxir-oqibatda qochib ketadi. Kishini jirkantiruvchi xastalik Rogenning taqdirini hal qiladi. Bu personajlarning hammasining mushtarak kasali shundaki, “ular haqiqat haqidagi o‘z tasavvurlarini ayni haqiqat deb o‘ylaydilar. Ular sodda va shuning uchun ham beqaror, ishonib bo‘lmaydigan odamlar. Biroq Balzak ularni shunday joylashtiradiki, ular o‘rtasida shunday mustahkam aloqalar o‘rnatadiki, natijada ular metinday mustahkam bo‘lib qolishadi, negaki hech qanday sharoitda birlari ikkinchilariga aylanmaydilar...”
Balzak fazilatni taqdirlab, gunohni jazolashga intilmaydi. U Birotoga go‘zal o‘limni ravo ko‘radi, biroq Gobsekning o‘limi ham o‘ziga xos ulug‘vorlikdan holi emas. Masalan, isqirt Dyu Tiyening hayoti boshdan-oyoq g‘olibona yurishdan iborat edi. Saxovatli Pilyero temir irodaga ega, biroq u Sezar Biroto singandan so‘ng asrab qolish mumkin bo‘lgan narsani balandparvoz nutqlar orqali irod qilib emas, balki donolik va mug‘ombirlik yordamida asrab qoladi. “Sezar Biroto” romani kitobxonga yashashni o‘rgatishdan ko‘ra, ko‘proq ishlarni qanday olib borish bilan tanishtiradi. Abjirlik bilan o‘z maqsadlariga erishish yo‘llarini biladigan andishasiz korchalonlar uchun faqat bitta jazo bor — bu tevarak-atrofdagilarning nafratidir. Manfaatdan ko‘ra ezgulikni afzal ko‘radigan yaxshi odamlar uchun ham faqat bitta mukofot bor — bu tevarak-atrofdagilarning ehtiromidir. Balzak ana shunday xulosaga keladi.
“Dunyoda hukmronlik qiluvchi qonunlarni hisobga olmasang, yashab bo‘lmaydi!”
Soddadil Biroto Keller yoki Nusingen rahmdilliklari tufayli qarz berishadi deb o‘ylaydi. Biroq ko‘pni ko‘rgan Pilyero yaxshi biladi: kimdan qarz so‘rasang, u odam o‘zining kuchli ekanini his qiladi va bu uning yumshoqko‘ngil, rahmdil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, aksincha, qarz berib bo‘lgan odamning zaif joyi ko‘rinib qoladi, shu sababdan u yaltoqilik yo‘liga o‘tadi. Shu daqiqadan boshlab hemiri yo‘q qarzdor qarz bergandan ustun kela boshlaydi. “Qarzdor qay bir ma’noda qarz bergandan kuchliroq”. Bir gal Alen Balzak asarlarini hamma savdo-sotiq o‘quv yurtlarida diqqat bilan o‘qitish kerak degan edi. Uning gapi to‘g‘ri. Balzak asarlaridan kredit, savdo-sotiq, reklama qonunlari to‘g‘risida juda ko‘p foydali ma’lumot olish mumkin. Ishlarni qanday olib borish kerakligi haqida hikoya qiluvchi romanlar ichida “Sezar Biroto” eng ajoyibidir, u Balzak zamonasida mavjud bo‘lgan ahvolni aks ettiribgina qo‘ya qolmaydi, balki hozir sodir bo‘layotgan voqealarni ham oldindan aytib beradi. Balzakning ehtirossiz kuzatuvchi tarzida tutgan mavqei shunga olib keldiki, yozuvchiga zamondosh munaqqidlardan ba’zi birlari uni vijdonsizlikda ayblay boshladi. Bu Balzakni qattiq g‘azablantirdi. Bunda u haq edi, albatta.
Sirasini aytganda, u reallik yuksak ma’naviyatga ega emas, deb hisoblardi. Insonlar jamiyati minglab tabiiy iplar bilan mustahkam bog‘langan. Bular oilaviy munosabatlar, turli sinflar o‘rtasidagi, xo‘jayin bilan xizmatkor o‘rtasidagi, savdogar bilan xaridor-u, qarz beruvchi bilan qarzdor o‘rtasidagi munosabatlardir. Bu tabiiy aloqalar qonunlardan yuqori turadi. Dehqon tabiatiga ko‘ra savdolashmasa bo‘lmaydi. Xuddi shunga o‘xshash bankir ham tabiatiga ko‘ra turli-tuman chayqovchiliklar yo‘liga kirmasa bo‘lmaydi. Dunyoda hukmronlik qiluvchi qonunlarni hisobga olmasang, yashab bo‘lmaydi. Haqiqiy ahvol bilan hisoblashmaydigan odam halokatga yuz tutadi. Ammo ma’naviyat qonunlari ham, o‘z navbatida, “tabiiy aloqalar” sirasiga kiradi. “Sezar Biroto”dan chiqadigan saboq, mag‘z — shu. Bu romanda to‘g‘ridan to‘g‘ri, bevosita ifodalangan emas. Chunki Balzak juda katta san’atkor bo‘lgan edi va u yalang‘och tasvirlarni xush ko‘rmasdi.
Qiziqarli faktlar
— Deyarli barcha kunlarini muhtojlikda o‘tkazgan yosh Balzak, ikki yil davomida XVII asr klassik tragediya janrining ustalari Per Kornel va Jan Rasin ijodiga taqlidan “Kromvel” (1819) nomli she’riy fojiasini yozib tugatadi. Baxtga qarshi yozuvchining bu ilk asari unga shuhrat keltirmaydi, adabiyot anjumanlarida tanqidga uchraydi. Shundan so‘ng u bir necha taxalluslarda qator qissa hamda novellalarini e’lon qiladi. Bu asarlar ham yosh adib nomini adabiyot olamiga tanitmaydi. Vaholanki, yozuvchining mazkur asarlari syujetida romantizm adabiyoti ruhi aks etib tursa-da, biroq ulardagi xayoliy voqealar, afsonaviy hodisa va to‘qima obrazlar tasviri mazmunga zerikarli tus bergan, kitobxonni zeriktirib qo‘yguvchi holatda edi. Xullas, Balzakning reallikdan uzoq bo‘lgan bu asarlari ham romantik yozuvchilar Viktor Gyugo, Jorj Sand va Aleksandr Dyuma tarafidan keskin tanqid qilinadi.
— 1834-yil Bazak yozgan asarlarini birlashtirib, ularga “Insoniylik komediyasi” degan umumiy nom beradi. “Inson komediyasi” uchta asosiy bo‘limdan (“Odatlar haqida etyud”, “Falsafiy etyud” va “Analitik etyud”) iborat bo‘lib, ular o‘z ichiga 143 nomdagi katta-kichik asarni qamrab olishi lozim edi. Biroq yozuvchi o‘zining yigirma yilga yaqin ijodi davomida ulardan 97 tasini yozishga ulguradi.
— Onore de Balzak boylikka hirs qo‘ygan burjua sinfining jirkanch qiyofasini, buzuq axloqini to‘g‘ri tushuna bildi. U o‘z asarlarida mehnatkash xalqning yoppasiga noroziligini, ularning turmadagidan battar turmushini haqqoniy ko‘rsatib berdi. Balzak inson psixologiyasining chuqur bilimdoni ham edi. Buni biz adibning xususiy mulkchilik psixologiyasini ochib berishdagi mahoratida ham kuzatamiz. Shuning uchun ham “buyuk insonshunos”ning bu san’ati jahon adabiyotida yangi sahifa — tanqidiy realizm sahifasini ochdi. Uning realizmi — o‘zi yashagan jamiyatni murosasiz tanqid etgan realizm edi. Balzak o‘zining “Insoniylik komediyasi” turkumini yaratish bilan zamonasining hushyor ziyolisi, o‘tkir tilli satirik yozuvchisi, bilimdon faylasufi sifatida jahon adabiyotida shuhrat qozondi.
Azizbek Yusupov
Izoh (0)