Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritildi. Bu haqda Telegram dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, aholi tomonidan ayrim turdagi yovvoyi hayvonlarning yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlanadi.
Mazkur hayvonlarning ro‘yxati hamda ularni yuridik shaxslar (tashkilotlar) tomonidan saqlash tartibi hukumat tomonidan belgilanadi. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Senatning 43-yalpi majlisida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqilgandi.
“Amaldagi qonunchilik hujjatlarida fuqarolar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni uy sharoitida saqlash masalasi huquqiy tartibga solinmagan. Yovvoyi yirtqich va xavfli hayvonlarni uy sharoitida saqlash bilan bog‘liq holatlar tahlili, qonunchilik hujjatlarida fuqarolar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarni yanada takomillashtirishni taqozo qilmoqda”, — degan edi o‘shanda senator Boriy Alixonov.
Izoh (0)