Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oktabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” forumiga kelishini tasdiqlamadi. Bloomberg bir kun oldin Putinning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar bergandi.
“Bu yil ‘Bir makon, bir yo‘l’ uchinchi xalqaro hamkorlik forumi bo‘lib o‘tadi. Xitoy bu borada hamkorlar bilan aloqada bo‘lib turibdi... Biz barcha tegishli maʼlumotlarni o‘z vaqtida eʼlon qilamiz”, — dedi Vang brifingda.
Bloomberg manbalarining xabar berishicha, Kreml Vladimir Putinning “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etish uchun Xitoy safariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Nashrning qayd etishicha, tashrif Rossiya prezidentining mart oyida, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud uni hibsga olish uchun order berganidan buyon ilk xorijiy safari bo‘lishi mumkin. Sud qarori fonida Vladimir Putin 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammitida shaxsan ishtirok etmay, onlayn qatnashgandi.
Izoh (0)