Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2023-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Rossiya prezidenti Xitoy rahbari Si Szinpinning tadbirda ishtirok etish taklifini qabul qilgani aytilmoqda.
Agar maʼlumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, bu Putinning uzoq vaqt davomidagi ilk xorijiy safari bo‘ladi. U yaqinda bo‘lib o‘tgan BRIKSning 15-sammitida videoaloqa orqali ishtirok etgandi, shuningdek, sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ham qatnashmaydi. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi.
Putin Xitoyga oxirgi marta 2022-yil fevralida, urush boshlanishi arafasida tashrif buyurgandi. O‘shanda u Pekindagi Qishki Olimpiadada qatnashgan va Si Szinpin bilan muzokaralar olib borgan.
Xitoy rahbari 2023-yilning mart oyida Moskvaga tashrif buyurgan edi.
Iyul oyida Federatsiya Kengashining xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Denisov Rossiya prezidentining oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentning Xitoyga tashrifi “kun tartibida” ekanini tasdiqlagan, biroq vaqtini ochiqlamagan.
Izoh (0)