AQSH prezidentligiga nomzod va sobiq davlat rahbari Donald Tramp o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni muttahamlik deb atadi. Bu haqda u o‘zining YouTube kanalida radioboshlovchi Glenn Bek bilan suhbatda gapirdi.
Boshlovchi Trampdan agar qamalsa, u yerdan saylov kampaniyasini olib bora oladimi yoki yo‘qligini so‘radi.
“Bu qachondir sodir bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Har bir ochilgan ish — muttahamlik”, — deb javob berdi sobiq prezident.
AQSHda 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi bo‘lgan Trampga nisbatan hozirgacha to‘rtta ayblov qo‘yilgan. Avgust oyi boshida u barcha ayblovlar bo‘yicha 561 yillik qamoq jazosi kutayotganini ma’lum qildi.
Tramp, jumladan:
- Biznes hujjatlarni qalbakilashtirishda;
- Floridadagi qarorgohida maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashda;
- 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin til biriktirish, natijada 2021-yil yanvar oyida Kapitoliyga bostirib kirishga undashda;
- Jorjiyadagi saylov natijalarini o‘zgartirishga urinishda ayblanmoqda.
25-avgust kuni Tramp Fulton okrugi qamoqxonasiga (Jorjiya) keldi va u yerda 20 daqiqaga yaqin vaqtni rasman hibsda o‘tkazdi. Politsiya uning bo‘yi va vaznini o‘lchadi, barmoq izlarini va magshot (qamoq surati) oldi, shundan so‘ng u 200 ming dollar garov evaziga qo‘yib yuborildi.
Izoh (0)