Gruziyaning Racha mintaqasida sodir bo‘lgan ko‘chki qurbonlari soni 11 kishiga yetdi. Yana 25 kishining taqdiri hozircha nomaʼlum. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, dedi sog‘liqni saqlash vaziri Zura Azarashvili.
“Bedarak yo‘qolgan 36 kishidan 11 nafarining jasadi topilib, shaxsini aniqlash uchun ekspertizadan o‘tkazildi. Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda”, — dedi Azarashvili.
Qidiruv-qutqaruv ishlari bugun, 5-avgust kuni ertalab qayta tiklandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tunda epitsentr zonasiga maxsus texnika va ishchi kuchini yetkazishga yordam beradigan ko‘priklar va qo‘shimcha yo‘llar qurish ishlari davom ettiriladi.
“Ertaga ertalab ko‘prik tayyor bo‘ladi va biz u yerga maxsus texnikani olib o‘tamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
3-avgust kuni Gruziyaning Shovi qishlog‘idagi Sunset Shovi mehmonxonasi yaqinida yer ko‘chishi sodir bo‘ldi. Natijada ko‘chki oqimi ko‘priklarni va yo‘llarni buzdi, mehmonxonaga tutash kottejlarni qopladi.
Tabiiy ofat zonasidan 210 kishi evakuatsiya qilindi. Qidiruv-qutqaruv ishlariga 400 ga yaqin qutqaruvchi jalb etilgan. Bosh vazir Irakliy Gariboshvili 7-avgustni motam kuni deb e’lon qildi.
Izoh (0)