O‘zbekistonda 17 turdagi davlat monopoliyasini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, monopol sohalarni bozor tamoyillariga izchil o‘tkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun eng qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Respublikada 17 turdagi davlat monopoliyasini bekor qilish, ushbu sohalarga xususiy sektorni keng jalb qilish, davlat tasarrufida faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalarni saqlab qolish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, temiryo‘lda tashish, avtomobil yo‘llarini qurish va boshqarish, gaz va elektr yetkazib berish xizmatlari xususiy sektorga o‘tkaziladi. Irrigatsiya, chiqindilarni qayta ishlash, ijtimoiy obyektlarda energetika va issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish kabi davlat monopol sohalarida xususiy sheriklik mexanizmlari keng joriy etiladi.
Iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ulushi mavjud 2,3 mingta korxonalar sonini 6 barobarga kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga xususiy sektor keng jalb etilishi haqida o‘z saylovoldi dasturida ham ma’lum qilgandi.
“Umuman, kelgusi yillarda faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalar davlat tasarrufida qoladi”, — degan edi u.
Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga qadar iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish asosiy maqsad bo‘lishini ta’kidlagandi.
Izoh (0)