Namangan viloyati, Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini markaz bilan bog‘lovchi 17,5 km masofada yangi yo‘nalishli avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 1 ming 653 tup daraxtni kesish yoki ko‘chirishga ruxsatnoma so‘ralgan. Bu haqda ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev maʼlum qildi.
Aytilishicha, moratoriy talablaridan kelib chiqib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshqarmasi tomonidan ruxsatnomaga rad javobi berilgan.
“Namangandagi ushbu loyiha doirasidagi daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, nazoratga olingan.
Taʼkidlash joizki, vazirlik kelgusida ham ushbu loyiha bo‘yicha daraxtlarning yo‘qotilishiga olib keladigan har qanday murojaat va topshiriqlarga rad javobi beradi”, — dedi Rasul Kusherboyev.
Avvalroq yo‘l qurish uchun Buxoroda 31 ming 371 tup, Surxondaryoda esa 21 ming 803 tup daraxtni ko‘chirishga ruxsat berilmagan edi.
Izoh (0)