Farg‘ona viloyatida ming tupdan ziyod daraxtni kesgan mansabdorlar tabiatga 4,6 milliard so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, holat Bosh prokuratura tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyati hududida olib borilgan o‘rganishda aniqlangan. Norin—Farg‘ona irrigatsiya tizimidagi Katta Andijon kanali qirg‘og‘ida o‘sib turgan 1 213 tup daraxt joriy yilning yanvar—fevral oylarida “Bag‘dodmaxsussuvpudrat” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan qasddan kesib tashlanib, o‘simlik dunyosiga 4,6 milliard so‘m zarar yetkazilgani ma‘lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ichki ishlar organi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Izoh (0)