Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles kuzgi almashuvlar vaqtida hukumatni tark etish variantini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi The Times manbalari. Bu lavozimni moliya vaziri o‘rinbosari Jon Glen, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Tom Tugendxat yoki tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anne-Mari Trevelyan egallashi mumkin.
The Times Uolles sobiq bosh vazir Boris Jonsonning yaqin maslakdoshi bo‘lganini, shu bilan birga, Rishi Sunak hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini eslatdi. Gazetaning yozishicha, bu qaror Konservativlar partiyasidagi muammolar bilan bog‘liq emas.
“Ushbu o‘zgarishlar — kelajak haqida, Rishi saylov oldidan jamoatchilikka yangi jamoani taqdim etadi”, — deb tushuntirdi gazeta manbasi.
The Times ta’kidlaganidek, Uollesni saylaydigan okrugga uning chegaralari o‘zgarishi sababli barham beriladi, siyosatchi esa boshqa okrugdan nomzod bo‘lishga urinmayapti.
53 yoshli Ben Uolles konservatorlar orasida mashhur bo‘lishiga qaramay, bosh vazirlikka nomzodini qo‘ymagan. Avvaliga u Liz Trassni qo‘llab-quvvatladi, u ketganidan keyin Boris Jonsonning qayta saylanishini yoqladi. Bosh vazir etib saylanganidan keyin Rishi Sunak Uolles uning raqiblarini qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, vazirni ishdan bo‘shatmadi.
Ben Uolles NATO bosh kotibi lavozimiga ham da’vo qildi, biroq alyans davlatlari amaldagi yetakchi Yens Stoltenberg vakolatlarini bir yilga uzaytirdi. OAV xabarlariga ko‘ra, partiyalar yangi nomzod bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.
Izoh (0)