Hozirda o‘zbekistonlik yoshlarning aksariyat qismi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada tahsil olmoqda. Bu haqda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida aytdi.
Komiljon Karimovning ta’kidlashicha, xorijga chiqayotgan yoshlar qaysi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga ketayotgani bo‘yicha aniq statistika olib borilmaydi.
“Lekin taxminlarimiz bor. Hozirda xorijda o‘qiyotgan fuqarolarimizning katta qismi Markaziy Osiyo davlatlaridagi OTMlarda tahsil olyapti. Aksariyat talabalar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada o‘qiyapti”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Komiljon Karimovning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi yillarda O‘zbekistonda xususiy OTMlar soni ortgan. Ularning ayrimlari xorij OTMlarining filiallari hisoblanadi.
“Hozir respublikada 65 ta xususiy OTM faoliyat yurityapti. Ularda 125 ming nafardan ortiq talaba tahsil olyapti. Oxirgi yillarda O‘zbekistondagi OTMlar soni ko‘paygani sari chetga chiqib o‘quvchilar soni kamaymoqda”, — dedi vazirlik mas’uli.
Izoh (0)