Bosh prokuratura tomonidan “Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshootiga kelib tushayotgan oqova suvlarning tarkibi, ularning tozalanishi hamda Quyi Bo‘zsuv kanaliga quyilishida amaldagi tartib va normativlarga rioya etilishi ahvoli Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ishtirokida o‘rganilmoqda. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘rganishda tozalash inshootiga Toshkent shahrida joylashgan 18 ta (15 ta tekstil va 3 ta kushxona) tadbirkorlik subyektlari tomonidan oqova suv tarmog‘iga yuqori konsentratsiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotgani aniqlangan.
“Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshooti kelib tushgan oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, unda oqova suvlarni kimyoviy va fizikaviy tozalash imkoniyatlari mavjud emas.
Oqizilayotgan oqovalarda meʼyorga nisbatan azot ammoniy konsentratsiyasi, azot nitrit, kislorodning biologik isteʼmoli, kislorodning kimyoviy isteʼmoli, neft mahsulotlari, fosfor, temir va xrom ortiqcha ekani oqibatida, inshoot atrofidagi havoda vodorod sulfidi miqdori meʼyordan oshib ketib, ifloslangan suvdan badbo‘y hid tarqalayotgani hududda yashovchi aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
Bosh prokuratura qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ tomonidan muqaddam berilgan ogohlantirish va laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etmaganlarga nisbatan ichimlik va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirgan.
2021-yilda Sergeli tumani “O‘zgarish” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi uzluksiz, yoqimsiz hid kelayotganidan shikoyat qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘shanda Oliy Majlis Senati chiqindi suvlarni ifloslantiradigan bir qator korxonalarni tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)