Pokistonda o‘qotar qurollar, qo‘l granatalari va raketalar bilan qurollangan jangarilar harbiy bazaga hujum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Armiya va xavfsizlik rasmiylariga ko‘ra, Balujiston viloyatidagi bazaga hujum oqibatida kamida to‘rt askar halok bo‘lgan. Besh nafar askar og‘ir yaralangan. Javob otishmalarida esa kamida uch jangari yo‘q qilingan, yana ikki nafarini qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya davom etgan.
Hukumatning yuqori martabali mulozimlaridan biri Said Ahmad keyinroq operatsiya yakunlangani va hujumchilarning besh nafari ham o‘ldirilganini ta’kidladi. Ammo u harbiylar yashirin jangarilarni aniqlayotganini bildirdi.
“Terrorchilarning obyektga kirishga bo‘lgan dastlabki urinishlari navbatchi askarlar tomonidan to‘xtatildi. Keyinchalik shiddatli otishmada terrorchilar chegaradagi kichik bir hududda qo‘lga olindi”, — deyiladi armiya bayonotida.
Yangi tashkil etilgan “Tehrik-e-Jihod Pokiston” nomli terrorchi jihodchilar guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan va hujumga aloqador jangchilarning fotosuratlari va videolarini eʼlon qilishini aytgan.
Izoh (0)