Niderlandiyaning Gaaga shahrida 2-iyulga o‘tar kechasi Belarus elchixonasiga hujum uyushtirildi. Bu haqda mahalliy Omroep West telekanali xabar berdi.
Elchixona binosida uchta deraza singan, devorlarga chizib ketilgan. Binoda “Luka — terrorchi” va “Yashasin Belarus” yozuvlarini qoldirishgan. Telekanal elchixonaga uyushtirilgan hujumga aloqador 31 yoshli erkak qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Niderlandiya parlamenti a’zosi Syerd Syerdsma voqeani sharhlar ekan, odamlarni “Belarus, Rossiya yoki boshqa mamlakatlar rejimlaridan qanchalik haqqoniy ravishda g‘azablansa ham” Belarus elchixonalariga hujum qilmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar xorijdagi niderlandiyalik diplomatlarni xavfga qo‘yadi.
Belarus Tashqi ishlar vazirligi hodisaga izoh bermadi, faqat elchixonaga hujum uyushtirilgani va bir gumonlanuvchining hibsga olinganini tasdiqladi.
Izoh (0)