Yaponiya hukumati bosh kotibi Xirokazu Matsunoning taʼkidlashicha, Rossiyada 3-sentabrni militaristik Yaponiya ustidan g‘alaba va Ikkinchi jahon urushi tugagan kun sifatida belgilash to‘g‘risidagi qonun Rossiyada yaponlarga qarshi, Yaponiyada ruslarga qarshi kayfiyatni qo‘zg‘atishi mumkin.
“Shunday qonun qabul qilinganini bilamiz, o‘tgan urushga to‘xtaladigan bo‘lsak, mamlakatimiz doimiy ravishda Rossiyaning qarashlari va pozitsiyasini eʼtiborga olib keladi. Qabul qilingan qonun nafaqat rus xalqi orasida yaponlarga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi, balki yapon xalqi orasida Rossiyaga qarshi kayfiyatning kuchayishiga ham olib keladi. Bu juda achinarli. 23-iyun kuni diplomatik kanallar orqali Rossiya tomoniga Yaponiyaning ushbu pozitsiyasi haqida tushuncha berildi, shuningdek, Rossiya xalqlarimiz o‘rtasida keraksiz qarama-qarshilik yaratmaslikka chaqirildi”, — dedi Matsuno Tokiodagi matbuot anjumanida.
24-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3-sentabrni militaristik Yaponiya ustidan g‘alaba va Ikkinchi jahon urushi tugagan kun sifatida belgilash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, tegishli hujjat huquqiy axborotning rasmiy internet portalida e’lon qilindi.
Qonun “3-sentabr — Ikkinchi jahon urushi tugagan kun (1945)” nomini “3-sentabr — militaristik Yaponiya ustidan g‘alaba va Ikkinchi jahon urushi tugagan kun (1945)”ga o‘zgartiradi. Tushuntirish materiallarida qayd etilishicha, “maxsus operatsiya” boshlanganidan so‘ng Tokio “kollektiv G‘arb bilan kelishilgan holda Rossiya Federatsiyasiga qarshi zamonaviy rus-yapon munosabatlarida misli ko‘rilmagan nodo‘stona kampaniyani boshladi”. Qonundagi o‘zgartirish “qarshi choralar”dan biri bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Matsuno Rossiyani ushbu qonunni qabul qilishga undagan sabablarga to‘xtalmasligini ta’kidladi, ammo Yaponiya Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar va Ukrainaga kuchli yordamni davom ettirishiga ishontirdi.
Izoh (0)