Navoiyda davlatning 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini talon-toroj qilgan Yusuf Tursunov yana Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga qaytgani haqida xabar berilgan edi. Tayinlovdan bir kun o‘tib u lavozimidan ozod etildi.
Yusuf Tursunov Navoiy viloyatining Navoiy shahrida lavozimida ishlagan davrida davlatning 1 milliard 53 million so‘m miqdoridagi mablag‘ini talon-toroj qilgan. 2021-yilda sud qarori bilan u 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan.
2023-yil 21-iyun kuni Navoiy shahri hokimi Muratxan Egamqulov imzolagan qaror bilan u yana boshqarma boshlig‘i lavozimiga qaytgandi. “Daryo” davlat pulini o‘zlashtirishda ayblangan Yusuf Tursunovning yana aynan o‘sha lavozimga qaytish sababini aniqlash maqsadida qaror ijrosini taʼminlashga mas’ul bo‘lgan, hokimlikning tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Shahobiddin Xolboyev bilan suhbatlashganda Yusuf Tursunov bu lavozimga uch oylik sinov muddati bilan tayinlanganini, uni bu lavozimga tayinlashda sudning avvalgi qarorlaridagi jazo turi va muddati o‘talgani hisobga olinganini aytgandi.
22-iyun kuni esa Yusuf Tursunov “o‘z xohishiga ko‘ra” ushbu lavozimdan ozod etilgani to‘g‘risidagi hokim qarori imzolandi.
Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati hokimligi ishchi guruhi tomonidan xizmat o‘rganishi o‘tkazildi. O‘rganish natijasida, kadrlarni rahbarlik lavozimiga tayinlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llanilishi belgilandi.
Izoh (0)