Atlantika okeanida “Titanik” kemasini ko‘rish uchun sayohat uyushtirib, g‘oyib bo‘lgan “Titan” suvosti kemasi ekipaji haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Kema boshqaruvchisi va OceanGate asoschisi Stokton Rashning rafiqasi “Titanik” halokatida qurbon bo‘lgan magnat Isidor Shtraus va uning rafiqasi Idaning avlodi ekani maʼlum bo‘ldi.
The New York Times nashrining yozishicha, suvosti kemasi egasining rafiqasi Vendi Rash 1912-yilda layner bortida halok bo‘lgan badavlat shaxs — Shtraus va rafiqasining nevarasi bo‘lib chiqdi.
Arxiv maʼlumotlariga ko‘ra, Shtraus va uning rafiqasi birinchi toifadagi yo‘lovchilar bo‘lgan. Halokatdan omon qolganlarning eslashicha, magnat qutqaruv qayig‘iga o‘tirishdan bosh tortgan, chunki ayollar va bolalar birinchi bo‘lib qutqarilishi kerak deb hisoblagan. Shuningdek, u bilan qirq yil birga yashagan Ida Shtraus ham erini tashlab qutqaruv qayig‘iga o‘tirishdan bosh tortgan.
NYT maʼlumotlariga ko‘ra, bu epizod Jeyms Kemeronning (1997) “Titanik” dramasida ko‘rsatilgan. Nashr arxiviga ko‘ra, Shtrausning jasadi falokatdan taxminan ikki hafta o‘tib topilgan, uning rafiqasi jasadi esa topilmagan.
Vendi Rash Shtraus qizlaridan birining avlodi, u 1986-yilda OceanGate asoschisiga turmushga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, “Titan” suvosti kemasi “Titanik” vayronalari oldiga tushish chog‘ida g‘oyib bo‘ldi. OceanGate Expeditions kompaniyasiga tegishli kema bortida kompaniya asoschisi Stokton Rash, fransuz dengiz faxriysi Pol-Anri Narjeole, britaniyalik milliarder Hamish Xarding, pokistonlik tadbirkor Shahzoda Dovud va uning o‘g‘li Sulaymon bo‘lgan. Ular bir necha kundan buyon topilgani yo‘q.
Izoh (0)