Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon daryosi zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida Zarafshon daryosida baliqlar nobud bo‘lgani aniqlangan. Nobud bo‘lgan baliqlar daryodan yig‘ib olinib, viloyat Ekologiya boshqarmasining Atrof-muhitni ifloslanishini monitoring qilish bo‘limi xodimlari, “Navoiy IES” AJ hamda “Navoiyazot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda Zarafshon daryosiga tushuvchi ikkita korxona tashlama suvlaridan va tuproqlardan namunalar olingan.
Ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari yakunlangandan keyin qo‘shimcha maʼlumot berilishi ma’lum qilindi.
2022-yilning oktabrida ham Zarafshon daryosida baliqlar nobud bo‘lgani aniqlangandi. Navoiy viloyati Karmana tumani hududidan oqib o‘tuvchi ushbu daryo qirg‘oqlarida baliqlar nobud bo‘lishi ortidan “Navoiyazot” AJ mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Kompaniya baliqlar zaharlanishiga aloqadorligini rad etgandi. Daryoga me’yoridan ortiq darajada ifloslangan suvlar oqizishi oqibatida 2 milliard 613 million 510 ming so‘mlik jami 4204 dona turli xildagi baliqlar nobud bo‘lgan.
Izoh (0)