Qoraqalpog‘istonga 11-iyun kuni “Salomatlik poyezdi” yo‘l oldi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, vazirlik “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda yana bir salomatlik aksiyasiga start berdi.
Ushbu aksiya orqali Orolbo‘yi mintaqasining havo yo‘llari tarmoqlari yo‘q, avtomobillar harakati uchun sharoitlar yetarli bo‘lmagan uzoq hududlar aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga zarur dori vositalari va tibbiy sarflov materiallarini yetkazib berish maqsad qilingan.
“Salomatlik poyezdi”ga 1,5 milliard so‘m miqdoridagi 5 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy materiallar yuklangan bo‘lib, ular orasida profilaktika maqsadida qabul qilinadigan vitaminlar, mikroelementlar hamda kardiologik, endokrinologik dori-darmonlar, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari mavjud.
Bu poyezdlarda hududlarga yo‘l olgan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining jami 200 nafardan ziyod malakali mutaxassislari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.
Izoh (0)