Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga o‘rinbosarlari tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Obidjon Qudratov vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Jusipbek Kazbekov esa vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Narzullo Oblomurodov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. U 2022-yilning 30-dekabridan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgandi.
Shuningdek, Nizomiddin Bakirov Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori lavozimidan olinib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Sherzod Habibullayev esa Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori etib tayinlandi va Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.
Prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023-yil 1-yanvardan Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi vazirliklar 25 tadan 21 taga qisqartirilgandi. Farmonga muvofiq Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Tabiat resurslari vazirligiga aylantirilgandi. 2023-yil 31-maydagi prezident farmoni bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.
Izoh (0)