Shimoliy Koreyaning Vladivostokdagi bosh konsulining rafiqasi va o‘g‘li bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyun kuni ertalab Shimoliy Koreya diplomatik vakolatxonasi hududida ayol o‘g‘li bilan taksiga o‘tirgan, shundan keyin ularni hech kim ko‘rmagan. Shimoliy Koreya diplomatik missiyasining 62 yoshli xodimi Tsoy Yen Nam politsiyaga 43 yoshli Kim Kum Sun va 15 yoshli Pak Kvon Chjuning g‘oyib bo‘lgani haqida ariza bergan. KXDR elchixonasi vakilining rafiqasi va o‘g‘li aloqaga chiqmayapti.
Politsiya bedarak yo‘qolganlarni tashigan taksi haydovchisini topgan. Haydovchining aytishicha, u yo‘lovchilarni Russkaya ko‘chasida tushirgan, buni kuzatuv kameralari yozuvlari ham tasdiqlagan. Bedarak yo‘qolgan shimoliy koreyaliklarni qidirish ishlari davom etmoqda. Politsiyaning ehtimoliy versiyasiga ko‘ra, ular Xitoy yoki Janubiy Koreyaga qochib ketgan.
Izoh (0)