Gaitidagi mahalliy hokimiyat organlarining 6-iyunga o‘tar kechasi bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi kunlarda suv toshqini va ko‘chkilar oqibatida kamida 42 kishi halok bo‘ldi.
Qutqaruvchilar yana 11 kishi bedarak yo‘qolganini xabar qildi. Bir necha kun avval boshlangan yomg‘irlar mamlakatning 10 ta departamentidan 7 tasida suv toshqini va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda AFP agentligi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 37 ming kishi jabr ko‘rgan, 13 mingdan ortiq odam uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Gapiti poytaxti Port-o-Prensdan 30 kilometr g‘arbda joylashgan Leogan shahri eng ko‘p jabr ko‘rdi. U yerda 3 ta daryo o‘zanidan toshib ketgan va mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 20 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Shahar meri Anri Ernsonning aytishicha, aholi dalalari va chorva mollaridan ayrilgan. Leoganda oziq-ovqat, suv va tibbiy buyumlar yetishmayapti.
May oyi o‘rtalarida Italiya shimolida suv toshqinlari oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgandi, 10 mingdan ortiq odam uyini tashlab ketgan.
Avvalroq Afrikada “Freddi” bo‘roni qurbonlari soni 500 kishidan oshgani, Turkiyaning zilziladan jabr ko‘rgan viloyatlari suv ostida qolgani haqida xabar berilgandi.