Ukrainada qarshi hujum uchun yetarlicha qurol bor, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Reuters agentligiga bergan intervyusida.
Agentlik yozganidek, Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarini qaytarib olish uchun bir necha oydan beri hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda, Kiyev bu hujumda G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan taqdim etilgan tanklar, zirhli texnikalar va artilleriya ko‘magidan foydalanadi.
Kuleba intervyuda Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi boshlangan-boshlanmagani haqida ma’lumot bermadi. Uning ta’kidlashicha, hujum qachon boshlanishi ahamiyatli emas, balki u Ukraina qo‘shinlarining g‘alabasi bilan yakunlanishi va bu Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga imkon berishi muhim.
“NATOga a’zolik bu urushni to‘xtata olmaydi, ammo keyingi urushlarning oldini oladi. Shuning uchun mintaqada xavfsizlikni taʼminlashning eng yaxshi yo‘li Ukraina NATOga aʼzo bo‘ladigan lahzaga yetib borish”, — dedi Kuleba. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy alyansga a’zolik “ehtimoli” Ukraina uchun faol harbiy harakatlar tugaganidan keyingina paydo bo‘lishi mumkin.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, ittifoqchilar ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha kelishuvga erishganidan so‘ng, Ukraina uchun keyingi asosiy maqsad — NATOga aʼzo bo‘lish.
“Biz barcha qurollarni blokdan chiqardik. Bu borada kurashadigan katta narsa qolmadi”, — dedi Kuleba.
Rossiya Mudofaa vazirligi 4-iyun kuni Ukraina Qurolli kuchlari Janubiy-Donetsk yo‘nalishida, ya’ni Ukrainaning Donetsk va Zaporojye viloyatlari ma’muriy chegarasida, Ugledar yaqinida hujum boshlaganini e’lon qildi. Rossiya harbiylari hujumni qaytargani aytilmoqda. Ukraina prezidenti ofisi “global hujum” hali boshlanmaganini bildirdi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar 5-iyun kuni Ukraina Qurolli kuchlari “ayrim yo‘nalishlarda” hujumga o‘tganini, “Baxmut yo‘nalishi esa jangovar harakatlar markazi bo‘lib qolayotganini” va Ukraina janubida “mahalliy janglar” bo‘layotganini aytdi.