Xerson viloyatining Rossiyaga qo‘shib olingan qismida joylashgan Kaxovka GES to‘g‘oni qisman vayron bo‘ldi. 6-iyun kuni erta tongda ijtimoiy tarmoqlarda GES yuqori to‘g‘onining vayron bo‘lgan qismidan suv oqayotgani aks etgan video tarqaldi.
Keyinroq Ukraina Qurolli kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Rossiya qo‘shinlari gidroelektrstansiyasini “portlatib yuborganini” ma’lum qildi. Xerson viloyati maʼmuriyati rahbari Aleksandr Prokudin ham Rossiya tomoni GESni portlatganini maʼlum qildi. Rossiya tomonidan tayinlangan Novaya Kaxovka “meri” Vladimir Leontiyev avvaliga portlash haqidagi ma’lumotni rad etdi, biroq keyinroq “ma’muriyatdagilar” Ukraina tomonidan tungi o‘qqa tutishlar oqibatida GESning yuqori qismi vayron bo‘lgani, ammo to‘g‘on saqlanib qolgani haqida aytishdi. TASS xabariga ko‘ra, Kaxovka GESda to‘g‘on oraliqlarining 28 tadan 11 tasi vayron bo‘lgan.
Kaxovka suv omboridagi suv Dneprning quyi oqimiga nazoratsiz ravishda quyilmoqda, dedi Novaya Kaxovka “meri” Leontiyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lgach, quyi oqimdagi suv sathi 2,5 metrga ko‘tarilgan. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudinning ta’kidlashicha, suv besh soat ichida kritik darajaga yetadi. Xerson viloyatining rossiyaparast “hukumati” Dneprning qirg‘oqbo‘yi hududlarida vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. “Yagona tahdid shundaki, hozir biz Qrimga suv yetkazib berishda muammolarga duch kelyapmiz. (Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan) Nova Kaxovkaga zarba berish davom etmoqda. Hamma o‘z joyida, elektr bor”, — dedi Leontiyev.
O‘nlab aholi punktlari suv ostida qolishi mumkin. “TASS” Rossiya favqulodda xizmatlariga tayanib, xabar berishicha, gap 80 ta aholi punktini suv bosishi mumkinligi haqida ketmoqda. Xerson viloyatining Ukraina nazoratidagi qismida xavfli hududlaridan aholini evakuatsiya qilish boshlangan. Milliy politsiya bo‘linmalari va Xerson viloyati favqulodda vaziyatlar davlat xizmati bo‘linmalari Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi suv toshqini ehtimoli bo‘lgan hududlardan tinch aholini evakuatsiya qilish uchun ogohlantirildi.
Ukrainada bu hodisa tabiiy muhitni qasddan buzish deb atalmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. “Rossiya terrorchilari Kaxovskaya GES to‘g‘onini vayron qilish orqali butun dunyoga ularni Ukraina zaminining har bir burchagidan haydab chiqarish zarurligini tasdiqlamoqda. Ularga bir metr ham joy qoldirilmasligi kerak, chunki ular har bir metrdan falokat uchun foydalanadi. Faqat Ukrainaning g‘alabasi xavfsizlikni qaytaradi. Va bu g‘alaba muqarrar. Na suv, na raketa va na terrorchilarning boshqa harakatlari Ukrainani to‘xtata olmaydi”, — deya vaziyatga munosabat bildirdi Ukraina prezidenti.