O‘zbekiston va 104 nafar Nobel mukofoti sovrindori o‘qigan Kolumbiya universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, AQSHda xizmat safarida bo‘lib turgan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning navbatdagi uchrashuvi Nyu-York shahrida joylashgan Kolumbiya universiteti rahbariyati bilan o‘tkazildi. Ushbu oliy o‘quv yurti qariyb 270 yillik tarixga ega. Muassasa jahon reytingida yuqori o‘ringa ega. U Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Uchrashuvda to‘rtta yo‘nalish — sog‘liqni saqlash, menejment, hamshiralik ishi va stomatologiya bo‘yicha yurtimizdagi barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, xususan, Toshkent davlat stomatologiya instituti bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi stomatologiya sohasida ilmiy grant loyihalarini amalga oshirish, bu yo‘nalishda ordinatura va doktorantura tahsilini yo‘lga qo‘yish, yuqori bosqich talabalarining akademik almashinuvini taʼminlash, o‘qituvchilar kasbiy malakasini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)