Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni yetti yil ichida to‘rt baravar oshdi, deb yozmoqda “TASS”.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov yetti yil ichida O‘zbekistondan Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan fuqarolar soni to‘rt baravar ko‘payganini aytgan.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro sarmoya forumida u O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Rossiya kompaniyalari ham ko‘payganini taʼkidlagan.
“Biz O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi uch mingta kompaniya faoliyat yuritayotganini qadrlaymiz, va bu kompaniyalar o‘zini qulay his qilmoqda”, — dedi Reshetnikov.
Shuningdek, u o‘tgan bir yilda O‘zbekistonda 700 ta rus korxonasi ochilganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun Rossiyaga 2022-yilda ishlash maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni 3,47 million kishini tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga ko‘pdir. O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kelgan barcha mehnat muhojirlari orasida yetakchi bo‘ldi — 1,45 mln o‘zbekistonlik 2022-yilda Rossiyaga borgan. Bu ko‘rsatkich bir yilda ishlash uchun kelgan umumiy muhojirlar soniga nisbatan 41,9 foizni tashkil qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘iston respublikasini ishchi kuchi bilan ta’minlash borasida beshinchi o‘rinda turishi qayd etilgan.
Izoh (0)