Qarshida qurilish bo‘layotgan bino oldidagi 35 tup manzarali daraxt kesib tashlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha hujjatlar prokuraturaga taqdim etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi “Tabassum” mahallasida 35 tup manzarali daraxt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgani tasvirlangan suratlar tarqalgandi.
Ushbu holat boshqarmaning davlat inspektorlari tomonidan joyida o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida Qarshi shahar “Tabassum” MFY hududida 30 tup har xil turdagi va diametrdagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesib tashlangani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 151 million 650 ming so‘m zarar hisoblangan hamda holat yuzasidan rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga taqdim qilingan.
Qashqadaryo viloyati IIBga ko‘ra, holat yuzasidan Qarshi IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Oldinroq O‘zbekistonda 2022-yil davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi ortidan tabiatga 10 milliard so‘m zarar yetkazilgani aytilgandi.