Samarqand viloyati Urgut tumanida 3 yoshli bola ariqdan o‘lik holda topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Viloyat FVB holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, tumandagi “Guliston” MFYda yashovchi oilaning 2020-yilda tug‘ilgan farzandi uy oldidan o‘tuvchi ariqqa ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan. Bola ma’lum bir masofagacha oqib borgan va mahalliy fuqarolar tomonidan qutqarib olingan. Tez-tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordamga qaramay, bola vafot etgan.
Voqea joyida o‘rganish ishlari olib borilganida, guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan mazkur ariqda 20-30 santimetrda suv oqib o‘tgani aniqlangan. “Bu kuchli suv oqimi emas, faqatgina yosh bolani oqizib ketish kuchida bo‘lgan”, — deydi FVB mas’uli.
Shuningdek, Samarqand viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Urgut tumanida 3-aprel kuni soat 10:00 dan 14:00 gacha 12,3 millimetr yomg‘ir yog‘gan bo‘lib, bu sel va suv toshqinlarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bolaning selda oqib ketgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu esa asossiz, noto‘g‘ri ma’lumotlar hisoblanadi. Bu holatda yosh bola ehtiyotsizligi sabab oqib ketgan. Ota-onalardan farzandlarini nazoratsiz qoldirmasliklarini iltimos qilib qolamiz”, — deya ta’kidlaydi mas’ul.