Falastin Mahbuslar jamiyati Isroil hibsxonalarida 53 nafar falastinlik jurnalist saqlanayotganini maʼlum qildi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar bergan.
Falastinlik Mahbuslar jamiyati 3-may — Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan jurnalistlar hibsga olinishiga aloqador yangi statistikani eʼlon qilgan. Statistikada G‘azo urushi boshlanganidan beri hibsga olingan falastinlik muxbirlar soni umumlashtirib berilgan.
Jurnalistlarning 43 nafari 7-oktyabr voqealari ortidan hibsga olingan. Shuningdek, 4 nafar jurnalist haqida hech qanday maʼlumot yo‘q. Na Isroil rasmiylari va na boshqa tashkilotlar ular haqida maʼlumot topa olmagan.
“Falastinlik jurnalistlarni nishonga olish Isroil o‘z tarixi davomida olib borgan eng muhim siyosatlardan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, — deyilgan Falastin Mahbuslar jamiyati xabarida.
Hujum ostidagi G‘azoda faoliyat olib borayotgan bir qancha Yaqin Sharq nashrlari xodimlari jurnalistlarga nisbatan sodir etilayotgan tahdid va zo‘ravonliklar haqida xabar bergan. Isroil hukumati va mudofaa kuchlari rahbariyati bu ayblovlarni rad etgan.
Izoh (0)