Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyida o‘tkazilgan uchrashuvda “El-yurt fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etishni taklif qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo ardoqda bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, ko‘krak nishoni ta’sis etishni taklif qilgan.
Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qo‘mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e’tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi. “Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur”, — dedi prezident.
Davlat rahbari Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida asarlar yaratish kerakligini ta’kidlagan. “Ezgu maqsad yo‘lida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yengolmaydi. Ilohim, qahramon o‘g‘lonlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin”, — degan davlat rahbari so‘zining yakunida.
Izoh (0)