Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Davlat rahbari yig‘ilishda “O‘zbekiston kim tomonda?” degan savolga javob berdi.
“Zamon juda murakkab, hozir katta-katta davlatlar O‘zbekiston, sen kim tomondasan, deyapti. Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi, yo u tomonga, yoki bu tomonga o‘tgin. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, o‘zlari ham shunga da’vat qilyapti. Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston. Aholisi 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan, deyapti. Qani, bunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak?! Javobim bitta — bir tomonman. Millatim, xalqim buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman”, — deydi davlat rahbari.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrifini Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilishdan boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, bugungi sessiyada Surxondaryo viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqilmoqda. Prezident viloyat deputatlari va faollari bilan maslahatlashib, viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Qosimov nomzodini bu lavozimga taklif qildi.
Izoh (0)