Toshkent viloyatidagi uylarning birida itlar shafqatsizlarcha so‘yilib, terisi shilib olingani aniqlandi, deb xabar beradi “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati.
Maʼlum qilinishicha, 4-mart kuni “Mehr va oqibat” jamiyatiga viloyatning Ahmad Yassaviy kolxozida joylashgan uylarning birida itlar “shafqatsizlarcha o‘ldirilayotgani” to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.
Jamiyat vakillari huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan birgalikda belgilangan manzilga yetib borgan.
Volontyorlar IIB xodimlari bilan uy hovlisiga kirganida qon va o‘nlab it terilariga duch kelgan. Jinoyatchilar qon va terilarning ustiga tuproq tashlab, izlarni yashirmoqchi bo‘lgan. Shunga qaramay, uy egasi bu yerda it so‘yilmasligini aytgan.
Volontyorlar 35 ta it va 9 ta kuchukni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. 10 ta it “Kavcheg” boshpanasiga, qolganlari esa “Mehr” markaziga o‘tkazilgan.
Hozirda hodisaning barcha holatlari, jumladan, itlar qanday va qayerga yetkazilgani o‘rganilmoqda.
Izoh (0)