Prezident administratsiyasi sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva Senat tomonidan ma’qullangan qonun loyihasini o‘qituvchilar himoyasi yo‘lida tashlangan katta qadam deb baholadi.
Ta’kidlanishicha, Senat tomonidan o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazoni nazarda tutuvchi qonunning ma’qullanishi o‘qituvchilar himoyasi yo‘lida tashlangan katta qadam hisoblanadi.
“Ishonchim komilki, endi ularni vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlamoqchi bo‘lganlar qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi. Qonunni prezident imzolagach, o‘qituvchilar, umuman, ta’lim sohasi uchun katta voqelik bo‘ladi. Kutamiz”, — Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2-mart kuni Oliy Majlis Senatining 37-yalpi majlisida “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilingandi. Hujjatga muvofiq Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.
Izoh (0)